Yangiliklar. Voqealar. E'lonlar

ILM AHLI BILAN MULOQOT (joylashtirildi 29.01.2024)
330

Bugun Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamraev ilm ahli bilan uchrashdi. Uchrashuvda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti direktori, professor Karim Sultonov, “Toshkent irrigasiya va qishloq xo‘jaligini mexanizasiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti kafedra mudiri, akademik Mirziyod Mirsaidov, vazirlik huzuridagi Irrigasiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutining professor va tadqiqotchilari, vazirlik mas'ul xodimlari qatnashdi.

- Prezidentimizning Xitoyga davlat tashrifi doirasida biz ham ushbu mamlakatda bo‘ldik. Taraqqiyotning yuqori cho‘qqilarini egallayotgan Xitoy barcha yutuqlarga ilm bilan erishmoqda, - dedi vazir o‘z so‘zida. - Suv xo‘jaligi sohasini olib qaraydigan bo‘lsak, yirik inshootlar xavfsizligini ta'minlash, sho‘r yerlarni yuvishga suv sarflamasdan turib mo‘l hosil olishni ulardan o‘rgansak, tajriba almashsak arziydi. 

Professor K.Sultonov mamlakatimizda ochiq sug‘orish tarmoqlaridan foydalanilishi, yoz mavsumida ularda ko‘p miqdorda suv bug‘lanib ketishini misol qilib, yer ostidan quvur orqali sug‘orish tarmoqlarini o‘tkazish bo‘yicha eksprement va tadqiqotlar olib borishga e'tibor qaratish zarurligini ta'kidladi. Shuningdek, suv omborlari va to‘g‘onlarning xavfsizligini loyihalashtirishda hisob-kitob uslublari eskirganligi, yangi qurilma va uskunalardan foydalanib, bu borada qilinishi kerak bo‘lgan ishlar borligini e'tirof etdi.

Gidrotexnik inshootlarning seysmik mustahkamligi bo‘yicha jahon ilm-fanida o‘z o‘rnimiz bor, - dedi akademik M.Mirsaidov. – Kafedramiz tomonidan bu borada yangi tadqiqotlar olib borilayapti. Ularni ishlab chiqarishga tatbiq etish, eng samarali usullardan foydalanishga o‘tish uchun vazirlik bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash zarur. Uchrashuvda sohaga doir yangi ilmiy loyihalarni ko‘paytirish, ularning moliyaviy ta'minotini hal qilish, bajarilayotgan ilmiy tadqiqotlarda sifatga e'tibor qaratish, yosh olimlarga sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi. Ilm bilan ishlab chiqarish uyg‘unlashsa natija yuqori bo‘lishi yakdillik bilan e'tirof etildi. Vazirlik markaziy apparatining har oyni oxirgi dushanba kuni o‘tkaziladigan yig‘ilishida ilm-fan masalasini ko‘rib chiqishga kelishib olindi. Ilm, ilm va yana bir karra ilm. Ilmni rivojlantirish, tadqiqotchi va olimlarga keng yo‘l ochish, ularni har taraflama qo‘llab-quvvatlash zarurligi bugungi uchrashuvning yakuniy xulosasi bo‘ldi.