M.T. O‘rozboyev nomidagi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti hamda “Toshkent traktor zavodi” MChJ o‘rtasida zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalarini yaratish va mahalliylashtirishga qaratilgan o‘zaro anglashuv va hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi.

Memorandum doirasida zamonaviy paxtachilik texnologiyalari, xususan, qo‘shqator usulida paxta yetishtirish va hosilni yig‘ib-terib olish uchun mahalliy sharoitga mos, samaradorligi yuqori texnikalarni yaratish masalalari belgilab olindi.

Uchrashuvda institut direktori, t.f.d., professor Sabida Ismailova, “Paxta terish mashinalari” laboratoriyasi mudiri Davronbek Qo‘ldoshev va laboratoriya bosh ilmiy xodimi, t.f.d., professor Anvar Rizayev ishtirok etib, ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarish bilan uyg‘unlashtirish, paxta terish mashinalarining konstruktiv yechimlarini takomillashtirish hamda ularni mahalliylashtirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Maqsad — ilmiy g‘oyani texnik yechimga, texnik yechimni esa real ishlab chiqarishga aylantirish.
Hamkorlikning ushbu yangi bosqichi qishloq xo‘jaligi mashinasozligida zamonaviy, mahalliy va raqobatbardosh texnikalarni yaratish yo‘lida muhim amaliy qadam bo‘lib xizmat qiladi.

