Bugun Fanlar akademiyasi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi institutida “Zilzilabardosh qurilish bo‘yicha chuqurlashtirilgan xalqaro seminar” o‘z ishini boshladi. Seminar zilzilabardosh qurilish va muhandislik seysmologiyasi muammolarini o‘rganishga bag‘ishlangan bo‘lib, uning asosiy maqsadi- zilzilabardosh qurilish va mintaqamizda seysmik faollik bilan bog‘liq masalalar yuzasidan tadqiqot olib borayotgan dunyoning kuchli ekspertlari va olimlari o‘rtasida fikr almashish uchun tajriba maydoni yaratishdan iboratdir.
Xorijiy davlatlar ekspertlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini kengaytirish va rivojlantirish hamda yangi ilmiy tadqiqot loyihalarini shakllantirish, kelgusi tadqiqotlarga yo‘l xaritasi va tavsiyalar ishlab chiqish mazkur seminarning asosiy vazifasi hisoblanadi. Ushbu tadbir mazmunli munozaralar, yangi tashabbuslarning paydo bo‘lishiga va seysmik xavfni pasaytirish va zilzilalarning salbiy oqibatlarini kamaytirish bo‘yicha innovatsion yechimlarni ishlab chiqish uchun ajoyib imkoniyat yaratadi. Fanlar akademiyasi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti va Berklidagi Kaliforniya universiteti seminarning ilmiy tashkilotchilaridir.
Seminar quyidagi tematik yo‘nalishlarda bo‘lib o‘tmoqda:
- Zilzilabardosh qurilish (nazariya va tajriba).
- Muhandislik seysmologiyasi va seysmik xatar.
- Qurilish materiallarining mustahkamligi va ustuvorligi.
- Binolar va inshootlar holatini tezkor tekshirish va uzluksiz monitoring qilish.
Seminarda Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari, shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasi, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Rossiya Federatsiyasi, Belarus Respublikasidan qurilish sohasi mutaxassislari, ilmiy xodimlar, yosh mutaxassislar ishtirok etishi ko‘zda tutilmoqda. Tadbir gibrid formatda bo‘lib – ishtirokchilar oflayn va onlayn formatda ishtirok etishmoqda. Seminar Jahon bankining Munis loyihasi moliyaviy ko‘magida o‘tkazilmoqda.